Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi prezidentga murojaat yo‘llab, mansabdor shaxslar tomonidan deputatlarga bosimlar o‘tkazilayotganini bildirdi. Shuningdek, ular deputatlarning daxlsizlik huquqini buzilishi e’tiborsiz qoldirilayotganidan shikoyat qilishdi.
Bosh prokuratura dahlsizlik huquqidan mahrum qilingan andijonlik deputat Shuhratbek Karimovning kompaniyasi harakatlari oqibatida bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilganini aytmoqda. Adliya vazirligi «deputatni tintuv qilish va o‘z vakolatlarini amalga oshirishga monelik qilish noqonuniy» ekanligini ta’kidladi. Vazirlik deputatlar daxlsizligini buzganlarga chora ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Noqonuniy ravishda yer uchastkalari ajratish va shahar hokimining qarorlariga qarshi chiqib kelayotgan Andijon shahar kengashi deputati Shuhratbek Karimov prokuror taklifi bilan daxlsizlik huquqidan mahrum etildi. Bunga ushbu deputat ta’sischi bo‘lgan kompaniyaga qarshi jinoiy ish sabab bo‘lgan. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va jamoatchilik deputatni qo‘llab-quvvatladilar. Senat komissiyasi vaziyatni o‘rganmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting